Galikarnas teatri yoki oddiygina Qadimgi teatr deb ham ataluvchi Bodrum qadimiy teatri Turkiyaning Bodrum shahrida joylashgan teatr binosidir. Bodrum shahar markazining shimolida joylashgan ushbu inshoot Onado'lining eng qadimgi teatrlari qatoriga kiradi va antik davrdagi klassik Bodrumdan saqlanib qolgan yagona inshoot hisoblanadi.
Teatr qurilishi miloddan avvalgi IV asrda Klassik antik davrda Kariya satrapi Mavsol hukmronlik qilgan davrga to'g'ri keladi. Inshoot Epidaur qadimiy teatriga o'xshash uslubda bunyod etilgan deb qabul qilinadi.
Qadimiy teatr milodiy davrda, ayniqsa II asrda Rim davrida kengaytirilgan va hozirgi shaklini olgan. Ushbu o'zgarishlar uning asl klassik yunon poydevoridan yunon-rim me’moriy uslubiga sezilarli o’tishidan dalolat beradi.
Cavea deb nomlanuvchi o'tirish joyining kengligi 86 metr va orkestr diametri 18 metr bo'lib, teatr dastlab 10000 dan 13000 kishigacha sig’imga ega bo’lgan.
Cavea qismida har bir o'rindiq orasida 40 santimetr masofa qoldirilgan. Teatrda pastda 30 ta va tepada 25 ta bo'lib, jami 55 qator mavjud bo'lib, o'tirish qatorlari tik 11 ta zinapoya yordamida 12 ta bo'limga bo'lingan.
Inshootning qiziq xususiyatlari qatoriga tomoshalardan oldin Dionis sharafiga qurbonliklar keltirilgan mehrob kiradi. Bundan tashqari, ba’zi o’rindiqlar orasida quyoshdan saqlanuvchi soyabonlar yoki tentlar uchun ishlatilgan bo’lishi mumkin bo’lgan teshiklar mavjud.
Vaqt o’tishi bilan shikastlangan va eskirgan inshoot 1970-yillarda bir guruh turklar tomonidan hamda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan ta’mirlangan. U 1990-yillarda Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan yana qayta tiklangan bo’lib, uning so’nggi restavratsiyasi Bodrum munitsipaliteti, Ericsson va Turkcell hamkorligida amalga oshirildi.
Bugungi kunda Bodrum qadimiy teatri Bodrumda o’tkaziladigan ko’plab madaniy tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Bu tadbirlar qatoriga Bodrum xalqaro balet festivali hamda turli turk va xalqaro san’atkorlarning konsertlari kiradi, teatr bugungi kunda 10000 kishilik sig’im bilan faoliyat ko’rsatmoqda.
Wikimedia research dossier · Oxirgi tekshiruv: 2026-09-17 18:16:14


